30-modda. Qarzdorning arizasi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Qarzdorning arizasi xoʻjalik sudiga yozma ravishda beriladi va tegishincha qarzdor-yuridik shaxsning rahbari yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud qarzdor-jismoniy shaxs tomonidan imzolanadi.
Qarzdorning arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
ariza berilayotgan xoʻjalik sudining nomi;
pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarining qarzdor tomonidan eʼtiroz bildirilmayotgan miqdordagi summasi;
qarzdorning xodimlariga toʻlanishi kerak boʻlgan, ularning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash, mehnatiga haq toʻlash va ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash boʻyicha qarz summasi;
mualliflik shartnomasi boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan haq summasi;
majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik miqdori;
kreditorlarning talablarini toʻla hajmda qondirish imkoniyati yoʻqligining asoslari;
umumiy sudlar, xoʻjalik sudlari koʻrish uchun qabul qilgan qarzdorga nisbatan daʼvo arizalari toʻgʻrisidagi, shuningdek soʻzsiz (akseptsiz) hisobdan chiqarish uchun taqdim etilgan ijro hujjatlari va boshqa hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdordagi bor mol-mulk, shu jumladan debitorlik qarzining pul mablagʻlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning bankdagi hisobvaragʻi raqamlari, bankning pochta manzili;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud xarajatlarini toʻlash uchun yetarli mol-mulk borligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Qarzdorning arizasida bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni toʻgʻri hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar, shuningdek qarzdorda iltimosnomalar boʻlsa, ular ham koʻrsatiladi.
Qarzdor-jismoniy shaxsning arizasida tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan uning majburiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham koʻrsatiladi.
Kreditorlarga hamda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga qarzdor oʻz arizasidan nusxalar yuborishi shart.
