126-modda. Qarzdorni majburiyatlardan ozod qilish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Bankrot deb topilgan jismoniy shaxs kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugaganidan keyin kreditorlarning jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili amalga oshirilayotganda bildirilgan talablarini kelgusida bajarishdan ozod etiladi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablar bundan mustasno.
Kreditorlarning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talablari, alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi talablar, shuningdek shaxsiy tusdagi, xoʻjalik sudining jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qarorini ijro etish tartibida bajarilmagan yoki qisman bajarilgan yoxud jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili amalga oshirilayotganida bildirilmagan boshqa talablar oʻz kuchida qoladi va jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili tugallanganidan keyin tegishincha toʻla hajmda yoki qondirilmagan qismi hajmida bildirilishi mumkin.
Qarzdor tomonidan mol-mulkning yashirilganligi yoki uning oʻz mol-mulkini uchinchi shaxslarga gʻayriqonuniy tarzda berganligi faktlari aniqlangan taqdirda bankrotlik jarayonida talablari qondirilmay qolgan kreditor undiruvni ana shu mol-mulkka qaratish talabini taqdim etishga haqli.
