125-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Kreditorlarning talablari xoʻjalik sudi depozitiga kiritilgan pul mablagʻlari hisobidan qondirilgunga qadar bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish va xoʻjalik sudining jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qarorini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar qoplanadi.
Kreditorlarning talablarini navbat boʻyicha qondirish quyidagicha amalga oshiriladi:
birinchi navbatda budjetga va budjetdan tashqari fondlarga majburiy toʻlovlar xususidagi talablar, hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganlik uchun qarzdor javobgar boʻlgan fuqarolarning talablari tegishli vaqtbay toʻlovlarni kapitallashtirish yoʻli bilan, aliment undirish toʻgʻrisidagi talablar, shuningdek mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash va ularga ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash boʻyicha hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi hamda mualliflik shartnomalari boʻyicha haq toʻlashga doir talablar qondiriladi;
ikkinchi navbatda kreditorlarning pul majburiyatlari boʻyicha qarzdorning mol-mulki garovi bilan taʼminlangan talablari qondiriladi;
uchinchi navbatda boshqa kreditorlar bilan hisob-kitob qilinadi.
Har qaysi navbat boʻyicha talablar oldingi navbat talablari toʻla-toʻkis bajarilganidan keyin qondiriladi.
Xoʻjalik sudining depozitida pul mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda bu mablagʻlar tegishli navbatdagi kreditorlar oʻrtasida ular talablarining summasiga mutanosib tarzda taqsimlanadi.
