127-modda. Tugatilayotgan qarzdorning bankrotligi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Agar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi va (yoki) ustav fondini shakllantirmaganligi munosabati bilan uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan qarzdor-yuridik shaxsning mol-mulki qiymati kreditorlarning talablarini qondirishga yetarli boʻlmasa, bunday yuridik shaxs ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda tugatiladi. Shu bilan birga davlat yuridik shaxsning kreditori boʻlgan taqdirda, yuridik shaxsni tugatish qonun hujjatlarida ana shu toifadagi yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda tugatish komissiyasi qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli choralarni koʻrishi uchun davlat soliq xizmati organlariga murojaat etishi shart.
