22-modda. Bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyektini tugatish rejasi
Bankrotlik toʻgʻrisida (1054-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyektini tugatish rejasi quyidagilarni aks ettirmogʻi lozim:
bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyekti moliyaviy ahvolining toʻla va xolis bayonini;
kreditorlarning daʼvolarini qondirish shartlari, tartibi, navbati va mutanosibligini;
bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyekti mol-mulki egasining, mehnat jamoasining manfaatlari hisobga olinganligini;
sotilishi lozim boʻlgan mol-mulkning roʻyxatini;
mol-mulkni sotish usuli, joyi va vaqtini;
sud xarajatlarini toʻlash, ekspertlarning, tugatish komissiyasi aʼzolarining, ishonchli vakillar va boshqa shaxslarning faoliyatiga haq toʻlash shartlarini.
Bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyektini tugatish rejasi kreditorlar bilan kelishilgan boʻlishi kerak va u, agar daʼvo summasining kamida uchdan ikki qismining egasi boʻlgan kreditorlar tomonidan quvvatlansa, maʼqullangan hisoblanadi. Agar tugatish rejasi maʼqullanmasa, kreditorlar esa bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyektini tugatish uchun oʻzlari tuzgan rejani belgilangan muddatda taqdim etmasalar, vakolatli organ tugatish komissiyasi taqdim etgan rejani tasdiqlaydi.
Agar tugatishga doir ish xoʻjalik yuritish subyektining tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan boʻlsa, u xoʻjalik yuritish subyektini tugatishga doir oʻz rejasini taqdim etishga haqlidir.
Tasdiqlangan tugatish rejasi asosida mol-mulkni sotish va qarzdorga boʻlgan daʼvolarni qondirish ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
