21-modda. Tugatish komissiyasi
Bankrotlik toʻgʻrisida (1054-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Xoʻjalik sudi xoʻjalik yuritish subyektining bankrot boʻlganligi toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan taqdirda vakolatli organ ishonchli shaxs boshchiligida tugatish komissiyasini tuzadi.
Tugatish komissiyasi:
bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyekti joylashgan erdagi rasmiy matbuotda uning tugatilishi toʻgʻrisida va kreditorlarning oʻz daʼvolarini taqdim etishlari tartibi xususida eʼlon berishi;
bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyekti tugatilishi toʻgʻrisida kreditorlar va manfaatdor tomonlarni xabardor qilishi;
bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyektining pul mablagʻlarini bitta bankdagi yagona schyotga jamlashi;
bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyektining mol-mulki, shu jumladan garovga qoʻyilgan mol-mulki toʻgʻrisida hisobot tuzishi;
tugatish balansini tuzishi va uni xoʻjalik sudiga taqdim etishi;
bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyektini tugatish rejasini tuzishi;
joriy ishlarni oxiriga yetkazishi;
bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyekti mulkini manfaatdor tomonlar foydasini koʻzlab, bosqichma-bosqich tugatishi;
kreditorlarga, xoʻjalik sudiga, davlat nazorati va soliq organlariga, boshqa manfaatdor tashkilotlar va shaxslarga bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyektining mol-mulki toʻgʻrisida, mol-mulkni tugatish jarayoni qanday borayotganligi haqida zarur axborotlar berishi;
bankrot boʻlgan xoʻjalik yuritish subyektini tugatish qanday oʻtganligi toʻgʻrisida yakunlovchi hisobot tayyorlashi va uni xoʻjalik sudiga taqdim etishi shart.
Tugatish komissiyasining xatti-harakatlari ustidan xoʻjalik sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
