19-modda. Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlashga doir asosiy talablar
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-865-son) · Sana: 30.08.2023 · Amalda
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlashga nisbatan quyidagi asosiy talablar qoʻyiladi:
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlashga doir normativ hujjatlarga rioya etish;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini deklaratsiyalash;
xavflilik darajasi yuqori boʻlgan obyektlar jumlasiga kiruvchi gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirishga, qurishga va ulardan foydalanishga doir faoliyatni litsenziyalash;
gidrotexnika inshootlaridan foydalanishning uzluksizligi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan ularning xavfsizlik mezonlarini belgilash, gidrotexnika inshootlarining holatini nazorat qilish maqsadida ularni zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlash, gidrotexnika inshootlariga zarur malakaga ega boʻlgan xodimlar tomonidan xizmat koʻrsatilishini taʼminlash;
gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi xavfini eng koʻp darajada kamaytirish boʻyicha profilaktika tadbirlarini amalga oshirish;
gidrotexnika inshootlaridan foydalanish qoidalariga rioya etish;
maxsus vakolatli davlat organining hamda foydalanuvchi tashkilotlarning xavfsizlikni taʼminlashga doir koʻrsatmalari gidrotexnika inshootlari hududida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi.
Gidrotexnika inshootlarini bir vaqtning oʻzida (muvoziy) loyihalashtirish va qurish, rekonstruksiya qilish taqiqlanadi.
Gidrotexnika inshootlarini bir vaqtning oʻzida (muvoziy) loyihalashtirilgan holda qurish mudofaa qobiliyatini hamda davlat xavfsizligini, aholining hayoti va sogʻligʻi, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulki xavfsizligini taʼminlashga doir tadbirlar, tabiiy va ekologik ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan alohida hollarda, shuningdek moliyalashtirish manbalari mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
