20-modda. Gidrotexnika inshootlaridagi loyiha-qidiruv ishlarini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-865-son) · Sana: 30.08.2023 · Amalda
Gidrotexnika inshootlaridagi loyiha-qidiruv ishlarini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
mavjud vaziyatlar va muammolar loyihada toʻgʻri baholanganligini oʻrganish;
bajarilgan loyiha-qidiruv ishlarining sifati va toʻliqligini tahlil qilish;
geologik, gidrologik va gidrogeologik maʼlumotlarning sifatini oʻrganish va tahlil qilish;
qabul qilingan loyihaviy yechimning toʻgʻriligini, yakuniy yechimning ilmiy-texnik jihatdan asoslanganligini, yuqori samarali mashinalar va mexanizmlar, zamonaviy qurilish materiallari, texnologiyalari hamda uskunalari qoʻllanilganligini tahlil qilish;
ilgʻor xorijiy tajribadan foydalanilganligini oʻrganish;
gidrotexnika inshootlarining xavfsiz ishlashi, shuningdek atrof-muhitga taʼsirining baholanganligini, muhofaza zonalari va sohil boʻyi mintaqalarining belgilanganligini taʼminlash.
Loyiha-qidiruv ishlarini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlashga taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va olimlar jalb etilishi mumkin.
