18-modda. Pudrat tashkilotlarining gidrotexnika inshootlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha majburiyatlari
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-865-son) · Sana: 30.08.2023 · Amalda
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida pudrat tashkilotlari gidrotexnika inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, konservatsiyalash va tugatish loyihalarini amalga oshirish chogʻida:
loyihada nazarda tutilgan ishlarning loyiha talablariga muvofiq oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlashi;
loyihani amalga oshirish davrida nazorat hujjatlari yuritilishini, loyiha tashkilotlarining va buyurtmachi tashkilotning, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyalarining, shuningdek maxsus vakolatli davlat organining koʻrsatmalari bajarilishini taʼminlashi;
loyihalarni amalga oshirish chogʻida buyurtmachi tashkilotga ijro hujjatlarini, qurilish materiallari va uskunalarining tegishli muvofiqlik sertifikatlarini hamda texnik pasportlarini taqdim etishi;
qurilish jarayonida, shuningdek foydalanishning kafolatli davrida mualliflik va texnik nazorat natijasida aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishi;
qurilishga oid tavakkalchiliklar xavfini majburiy sugʻurta qilishni amalga oshirishi, qurilish davrida obyektning qoʻriqlanishini taʼminlashi shart.
Gidrotexnika inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, konservatsiyalash va tugatish loyihalarini amalga oshirish chogʻida pudrat tashkilotlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
