17-modda. Loyiha tashkilotlarining gidrotexnika inshootlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha majburiyatlari
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-865-son) · Sana: 30.08.2023 · Amalda
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida loyiha tashkilotlari gidrotexnika inshootlarini qurishni, rekonstruksiya qilishni, taʼmirlashni, konservatsiyalash va tugatishni loyihalashtirish chogʻida:
loyihalarni Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga, “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari talablariga va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqishi;
loyiha hujjatlarida yuqori samarali mashinalar va mexanizmlar, zamonaviy qurilish materiallari, texnologiyalari hamda uskunalari qoʻllanilishini nazarda tutishi;
gidrotexnika inshootlaridan foydalanish qoidalarini buyurtmachi tashkilotning talabnomasiga koʻra ishlab chiqishi;
loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizasida, shu jumladan davlat ekologik ekspertizasida ishtirok etishi;
loyihalashtirish chogʻida muhandislik-geologik qidiruv ishlarining sifatli bajarilishini taʼminlashi;
loyihani bajarishda shartnomaga asosan mualliflik nazoratini amalga oshirishi;
loyihalashtirish chogʻida gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi mezonlarini inobatga olishi shart.
Gidrotexnika inshootlarini qurishni, rekonstruksiya qilishni, taʼmirlashni, konservatsiyalash va tugatishni loyihalashtirish chogʻida loyiha tashkilotlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
