17-modda. Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovni (vakolatli organning yoki muassasaning yoxud mansabdor shaxsning qarorini, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarorini yoki sudning ajrimini) vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan yuborish tartibi
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-848-son) · Sana: 16.06.2023 · Amalda
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov (vakolatli organning yoki muassasaning yoxud mansabdor shaxsning qarori, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi (bundan buyon matnda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov deb yuritiladi) quyidagi vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali yuboriladi:
davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi tomonidan;
davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan daʼvogarning yoki javobgarning iltimosiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha sud tomonidan;
davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan arizachining iltimosiga koʻra maʼmuriy sud tomonidan;
davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan huquqbuzarning iltimosiga koʻra maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish va koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan davlat organlari (mansabdor shaxslar) tomonidan;
jinoyat ishi boʻyicha davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining iltimosiga koʻra jinoyat ishi oʻz ish yurituvida boʻlgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan;
davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan mahkumning iltimosiga koʻra jazoni va boshqa jinoyat-huquqiy taʼsir choralarini ijro etuvchi muassasalarning hamda organlarning vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan;
davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxsga psixiatriya yordami koʻrsatayotgan psixiatriya muassasasi tomonidan;
oʻz huquqlari buzilgan hamda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxsning iltimosiga koʻra sud tomonidan;
tazyiq va zoʻravonlikka uchraganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan xotin-qizlarning iltimosiga koʻra sud tomonidan.
