16-modda. Davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisida ariza berish tartibi
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-848-son) · Sana: 16.06.2023 · Amalda
Davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun jismoniy shaxslar eksterritoriallik prinsipi asosida maxsus vakolatli davlat organiga ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
Jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun quyidagilarni taqdim etadi:
davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisidagi ariza;
davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxsning pasportiga oid maʼlumotlar (identifikatsiyalovchi ID-karta);
davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisidagi ariza davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxsning vakili tomonidan berilgan taqdirda — jismoniy shaxsning vakiliga berilgan ishonchnoma va (yoki) uning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxs va uning vakili oʻrtasidagi qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
ariza ruhiy holati buzilgan, psixiatriya yordami koʻrsatilayotgan jismoniy shaxsning qonuniy vakili yoki psixiatriya muassasasi tomonidan berilgan taqdirda — psixiatriya yordami koʻrsatuvchi psixiatriya muassasasining jismoniy shaxsga psixiatriya yordami koʻrsatilayotganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomasi;
ariza oʻz huquqlari buzilgan, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxs tomonidan berilgan taqdirda — xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi bilan bogʻliq ish sudda koʻrib chiqilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
ariza tazyiq va zoʻravonlikka uchraganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan xotin-qizlar tomonidan berilgan taqdirda — ushbu Qonun 11-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan ish sudda koʻrib chiqilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
Davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisidagi ariza “Yuridik yordam” axborot tizimida roʻyxatga olinadi.
Ushbu modda ikkinchi qismining toʻrtinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan axborot maxsus vakolatli davlat organi tomonidan davlat organlari oʻrtasida elektron axborot almashinuvi doirasida mustaqil ravishda elektron shaklda olinishi mumkin.
