18-modda. Davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisidagi arizani yoki davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovni koʻrib chiqish tartibi
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-848-son) · Sana: 16.06.2023 · Amalda
Davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisidagi ariza yoki davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov maxsus vakolatli davlat organiga kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan, jinoyat ishlari boʻyicha advokat ishtirok etishi shart boʻlgan hollar va muddatlar mustasno.
Davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisidagi arizani yoki davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovni koʻrib chiqishda quyidagilar tekshiriladi:
davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisidagi arizada yoki davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovda bayon etilgan masalalarning ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladigan ishlar roʻyxatiga muvofiqligi;
davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisidagi ariza davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxsning vakili tomonidan berilgan taqdirda — jismoniy shaxsning vakiliga berilgan ishonchnoma va (yoki) uning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxs va uning vakili oʻrtasidagi qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
ariza ruhiy holati buzilgan, psixiatriya yordami koʻrsatilayotgan jismoniy shaxsning qonuniy vakili yoki psixiatriya muassasasi tomonidan berilgan taqdirda — jismoniy shaxsga psixiatriya yordami koʻrsatilayotganligi haqidagi axborot;
ariza oʻz huquqlari buzilgan, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxs tomonidan berilgan taqdirda — xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi bilan bogʻliq ish sudda koʻrib chiqilayotganligi haqidagi axborot;
ariza tazyiq va zoʻravonlikka uchraganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan xotin-qizlar tomonidan berilgan taqdirda — ushbu Qonun 11-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan ish sudda koʻrib chiqilayotganligi haqidagi axborot.
Vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan ushbu Qonun 9-moddasining 1-bandida koʻrsatilgan jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov yuborilgan taqdirda, shaxsning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida kam taʼminlangan shaxs deb eʼtirof etilganligi haqidagi axborot “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
