29-modda. Davlat qarzini restrukturizatsiya qilish
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Davlat qarzini restrukturizatsiya qilish qarz beruvchilar bilan kelishuvga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan amalga oshiriladi.
Davlat qarzi quyidagi tarzda restrukturizatsiya qilinishi mumkin:
davlat qarzini toʻlash muddatlari va shartlarini oʻzgartirish yoʻli bilan;
asosiy qarzni, foiz stavkasini yoki davlat qarzining shaklini oʻzgartirish yoʻli bilan;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa yoʻllar bilan.
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarzni restrukturizatsiya qilish vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat kafolati ostida jalb qilingan qarzni restrukturizatsiya qilish uchun dastlab vakolatli organning roziligi talab etiladi.
Qarz oluvchi-rezidentlar davlat kafolati ostida jalb qilingan oʻz qarzlarini restrukturizatsiya qilishga rozilik olish uchun vakolatli organga quyidagi axborotni ilova qilgan holda yozma (elektron) shaklda murojaat etadi:
restrukturizatsiya qilinishi lozim boʻlgan qarzning miqdori, foiz stavkasi, toʻlash jadvali, shuningdek boshqa shartlar toʻgʻrisidagi;
davlat kafolati ostida jalb qilingan qarzni restrukturizatsiya qilish zaruratining asoslantirilgan sababi haqidagi;
davlat kafolati ostida jalb qilingan qarz restrukturizatsiya qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratilishi zarur boʻlgan mablagʻlar toʻgʻrisidagi;
davlat kafolati ostida jalb qilingan qarzni restrukturizatsiya qilish rejasi haqidagi.
Vakolatli organ qarz oluvchi-rezidentlarning ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan axborot ilova qilinmagan murojaatlarini koʻrmasdan qoldiradi hamda bu haqda qarz oluvchi-rezidentlarni yozma ravishda xabardor qiladi.
Vakolatli organ davlat kafolati ostida jalb qilingan qarzni quyidagi talablarga toʻliq rioya etilgan taqdirda restrukturizatsiya qilishga rozilik beradi:
davlat kafolati ostida jalb qilingan qarzni restrukturizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasining suveren kredit reytingiga hamda makroiqtisodiy barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi kerak;
davlat kafolati ostida jalb qilingan qarzni restrukturizatsiya qilish vakolatli organ oldidagi majburiyatlarning qarz oluvchi-rezident tomonidan bajarilmasligiga olib kelmasligi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishini talab etmasligi kerak;
