28-modda. Davlat tashqi qarzi
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Davlat tomonidan xorijdan mablagʻ jalb qilish natijasida yuzaga kelgan Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari yigʻindisi davlat tashqi qarzidir.
Davlat tashqi qarzi quyidagi shakllarda boʻlishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro obligatsiyalarni (bundan buyon matnda suveren xalqaro obligatsiyalar deb yuritiladi) va davlat gʻaznachilik obligatsiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari oʻrtasida birlamchi tarzda joylashtirish natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlaridan mablagʻni kreditlar va kredit liniyalari vositasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilish natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlaridan mablagʻni qarz oluvchi-rezidentlar tomonidan davlat kafolati ostida jalb qilish natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar.
Davlat tomonidan xorijdan mablagʻ jalb qilish Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida yoki chet el valyutalarida amalga oshirilishi mumkin.
