27-modda. Davlat ichki qarzi
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Davlat tomonidan ichki mablagʻni jalb qilish natijasida yuzaga kelgan Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari yigʻindisi davlat ichki qarzidir.
Davlat ichki qarzi quyidagi shakllarda boʻlishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan davlat gʻaznachilik obligatsiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari oʻrtasida birlamchi tarzda joylashtirish natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlaridan mablagʻni kreditlar va kredit liniyalari vositasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilish natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlaridan mablagʻni qarz oluvchi-rezidentlar tomonidan davlat kafolati ostida jalb qilish natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar.
Davlat tomonidan ichki mablagʻni jalb qilish Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida yoki chet el valyutalarida amalga oshirilishi mumkin.
