26-modda. Davlat qarzi
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Davlat qarzi davlat ichki qarzini va davlat tashqi qarzini oʻz ichiga oladi.
Davlat qarzi qisqa muddatli (bir yilgacha boʻlgan muddatga), oʻrta muddatli (bir yildan besh yilgacha boʻlgan muddatga) va uzoq muddatli (besh yil va undan ortiq muddatga), Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida yoki chet el valyutalarida boʻlishi mumkin.
Davlat qarzi Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan-toʻgʻri majburiyatlarini va davlat kafolatini oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan-toʻgʻri majburiyati Oʻzbekiston Respublikasi nomidan mablagʻ jalb qilish natijasida yuzaga keladigan majburiyat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi ushbu majburiyat boʻyicha qarz beruvchi oldida davlat qarziga oid shartnomaga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri javobgar boʻladi.
Agar qarz beruvchilar bir nechta boʻlsa, qarz beruvchilar guruhida vakolatli boshqaruvchining vazifalarini bajaruvchi shaxs qarz beruvchi boʻlishi mumkin.
