30-modda. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarz mablagʻlarini qaytadan kreditlash
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarz mablagʻlari davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun vakolatli organ tomonidan qaytadan kreditlanishi mumkin.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarz mablagʻlari qaytadan kreditlanadigan boʻlsa, vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq qaytadan kreditlash toʻgʻrisida shartnoma va unga doir qoʻshimcha kelishuvlar tuzadi.
Qaytadan kreditlanadigan mablagʻlarning miqdori, ulardan maqsadli foydalanilishi, ularning valyutasi, asosiy qarzi, foizlari, shuningdek boshqa shartlari qaytadan kreditlash toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
Qaytadan kreditlash toʻgʻrisidagi shartnoma shartlari davlat qarziga oid shartnomaning shartlaridan, qarz oluvchi-rezidentlarning yoki loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotlarining faoliyatini oʻrganishda lozim darajadagi ehtiyotkorlikdan (“due diligence”), loyihaning texnik-iqtisodiy asosi ekspertizasidan va kredit xataridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chet el valyutalarida jalb qilingan qarz mablagʻlari ushbu valyutalarda yoki Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida qaytadan kreditlanishi mumkin.
Vakolatli organ, har bir qarz oluvchi-rezidentga yoki loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotiga kredit xataridan kelib chiqqan holda, qaytadan kreditlanishi mumkin boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarz mablagʻlarining eng yuqori miqdorini belgilashga doir takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishi mumkin.
Vakolatli organ qaytadan kreditlash toʻgʻrisidagi shartnoma shartlariga rioya etilishi, shuningdek qarz oluvchi-rezidentlarning va loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotlarining moliyaviy holati ustidan tizimli monitoringni amalga oshiradi. Qarz oluvchi-rezidentlar va loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi moliya tashkilotlari oʻz moliyaviy holati hamda qaytadan kreditlash toʻgʻrisidagi shartnoma shartlariga rioya etilishi haqida vakolatli organ tomonidan soʻraladigan axborotni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli tarzda taqdim etadi.
