23-modda. Davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish ichki mablagʻni va xorijdan mablagʻni jalb qilishdan iborat.
Davlat tomonidan ichki mablagʻni jalb qilish Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlaridan mablagʻlarni jalb etish boʻlib, bu mablagʻlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining qarz oluvchi yoki qarz oluvchi-rezidentlar kreditlarini (qarzlarini) toʻlashga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga keladi.
Davlat tomonidan xorijdan mablagʻ jalb qilish chet el manbalaridan (chet davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan, xalqaro moliya institutlaridan va iqtisodiy institutlardan, chet el hukumatlarining moliya tashkilotlaridan hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa norezidentlaridan) mablagʻlarni jalb etishdan iborat boʻlib, bu mablagʻlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining qarz oluvchi yoki qarz oluvchi-rezidentlar kreditlarini (qarzlarini) toʻlashga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga keladi.
Davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish va joylashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan kreditlar va kredit liniyalari vositasida mablagʻ jalb qilish;
davlat kafolati ostida mablagʻ jalb qilish tarzida amalga oshirilishi mumkin.
Vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasining rezidentidan mablagʻ jalb qilganda majburiyatlarning bajarilishini garov, kafolat, kafillik va boshqa usullar vositasida taʼminlash talab etilmaydi.
Davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish davlat qarzi boʻyicha cheklangan miqdorlar doirasida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki ular vakolat bergan organ Oʻzbekiston Respublikasi nomidan davlat qarziga oid shartnomalarni va ularga doir qoʻshimcha kelishuvlarni tuzish huquqiga ega.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi nomidan davlat qarziga oid shartnomalarni tuzish vakolati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan boshqa organga beriladigan boʻlsa, davlat qarziga oid shartnomalar va ularga doir qoʻshimcha kelishuvlar tuzilguniga qadar vakolatli organ bilan kelishib olinishi kerak.
Davlat gʻaznachilik obligatsiyalarini davlat qarzi boʻyicha cheklangan miqdorlar doirasida chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining taqchilligiga, vaqtinchalik kassa uzilishi prognoziga va moliya bozorlaridagi vaziyatga asosan vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi.
