22-modda. Davlat qarzining ustuvorligini taʼminlash
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Davlat qarzi boʻyicha asosiy qarzni, foizlarni va boshqa toʻlovlarni toʻlash hamda davlat kafolatini bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan yetarli mablagʻlar ajratiladi.
Davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatish va davlat kafolatini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar har yili navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonuni bilan belgilanadi. Ushbu maqsadlar uchun budjetdan ajratilgan mablagʻlarni boshqa maqsadlarga yoʻnaltirish (bundan moliya yili davomida iqtisod qilingan mablagʻlar mustasno), davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatish va davlat kafolatini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻxtatib turish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralaridan (bundan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining zaxiralari mustasno) davlat qarzi boʻyicha asosiy qarzni, foizlarni va boshqa toʻlovlarni toʻlashga nisbatan taʼminot sifatida foydalanilmaydi.
