6-modda. Roʻyxatga olish markazi
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (562-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Roʻyxatga olish markazi maxsus vakolatli organda davlat roʻyxatidan oʻtgan va ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni bajarayotgan yuridik shaxsdir.
Roʻyxatga olish markazi:
elektron raqamli imzolarning yopiq va ochiq kalitlarini yaratadi;
elektron raqamli imzo yopiq kaliti muhofaza qilinishini taʼminlaydi;
elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining reyestrini yuritadi, uning oʻz vaqtida yangilanishini hamda undan yuridik va jismoniy shaxslarning erkin foydalana olish imkoniyatini taʼminlaydi;
yuridik va jismoniy shaxslarga elektron raqamli imzolar kalitlarining sertifikatlarini elektron hujjatlar shaklida va qogʻoz hujjatlar shaklida beradi;
elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining amal qilishini toʻxtatib turadi va qayta tiklaydi, shuningdek ularni bekor qiladi;
yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga binoan elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining koʻchirma nusxalari berilishini, shuningdek elektron raqamli imzolar kalitlarining toʻxtatib turilgan va bekor qilingan sertifikatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan erkin foydalanilishini taʼminlaydi;
yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga binoan elektron hujjatlardagi elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tasdiqlaydi;
elektron raqamli imzoli qogʻozdagi elektron hujjatlarning koʻchirma nusxalarini tasdiqlaydi;
elektron raqamli imzo kalitining sertifikatidan bundan buyon foydalanish imkoniyatiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan hollar haqida elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini xabardor qiladi;
elektron raqamli imzo yopiq kalitining egalarini elektron raqamli imzodan foydalanish qoidalariga oʻqitish imkoniyatini taʼminlaydi.
Roʻyxatga olish markazi bilan yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Roʻyxatga olish markazining yuridik va jismoniy shaxslar uchun yaratilgan elektron raqamli imzolarning yopiq kalitlarini saqlashi hamda elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish maqsadiga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni soʻrab olishi taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi roʻyxatga olish markazi tomonidan berilgan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalana oladi.
