27-modda. Davlat mulkini ijaraga berish
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Davlat mulki jismoniy shaxslarga va nodavlat yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion asosida (bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno), auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisida kamida oʻn besh kun oldin xabardor qilingan holda ijaraga beriladi.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi ijaraga oluvchi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi oʻrtasida tuziladi.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi bir yil muddatga tuziladi, bundan qonunchilikda belgilangan muddatlar mustasno. Davlat mulkini ijaraga olgan jismoniy shaxslar va nodavlat yuridik shaxslar tomonidan shartnoma majburiyatlari lozim darajada bajarilgan taqdirda, davlat mulkini ijaraga berish muddati tugaganidan keyin mazkur mulk ularga elektron onlayn-auksion oʻtkazilmagan holda xuddi shu muddatga taklif etiladi.
Davlat mulki oʻziga ijaraga berilgan jismoniy shaxslar va nodavlat yuridik shaxslar ijaraning butun muddati davomida undan maqsadli foydalanilishini, uning yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlaydi.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasida davlat mulkining har qanday yaxshilanishi balansda saqlovchining yozma roziligi bilan amalga oshirilishi nazarda tutilishi kerak.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi bekor qilingan taqdirda, davlat mulkining ajralmas qismi boʻlgan yaxshilanishlarning qiymatini ijaraga oluvchiga qaytarmaslik toʻgʻrisidagi shart davlat mulkini ijaraga berish shartnomasida nazarda tutilishi mumkin.
