28-modda. Davlat mulkini ishonchli boshqarish
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Davlat mulki jismoniy shaxslarga va nodavlat yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion vositasida ishonchli boshqaruvga beriladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat mulkini ishonchli boshqarish Agentlik yoki mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi va ishonchli boshqaruvchi oʻrtasida tuziladigan davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga asosan yuzaga keladi.
Mulkiy majmualar, koʻchmas mulkning alohida qismlari, davlat ulushi, mutlaq huquqlar va boshqa davlat mulki davlat mulkini ishonchli boshqarish obyekti boʻlishi mumkin.
Davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasi tasdiqlangan yillik biznes-rejalarni bajarish sharti bilan besh yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi, bundan qonunchilikda belgilangan muddatlar mustasno.
Davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasi taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinayotganda, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, boshqa taraf kamida uch oy oldin xabardor qilinishi kerak.
Davlat mulkining ishonchli boshqaruvga berilishi mulk huquqining ishonchli boshqaruvchiga oʻtishiga sabab boʻlmaydi.
Davlat mulkini davlat organlariga ishonchli boshqaruvga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
