26-modda. Davlat mulkiga egalik qilish va (yoki) undan foydalanish
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Davlat mulkiga egalik qilish va (yoki) undan foydalanish davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Davlat mulki ijaraga, ishonchli boshqaruvga, tekin foydalanishga, saqlashga va garovga, shuningdek davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berilishi mumkin.
Xususiylashtirilmaydigan davlat mulkiga egalik qilishga va (yoki) undan foydalanishga ijara shartnomasiga yoki davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga, davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga, shu jumladan konsessiya shartnomasiga asosan yoʻl qoʻyiladi.
Davlat mulki oʻziga biriktirilgan shaxslar davlat mulkidan oqilona va samarali egalik qilish va (yoki) undan foydalanilishini taʼminlaydi hamda oʻziga ishonib topshirilgan mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, unga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish, uning yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash uchun masʼuldir.
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish tasdiqlangan xarajatlar smetalariga muvofiq, ushbu davlat mulki oʻziga biriktirilgan davlat organlari va davlat muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
