25-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari:
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlmagan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish, qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi;
munitsipal mulkni belgilangan tartibda ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga beradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan hollarda xoʻjalik jamiyatlaridagi davlat ulushlariga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifalarini amalga oshiradi;
mahalliy budjet mablagʻlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqa mablagʻlari hisobidan tashkil etilgan davlat muassasalarida muassis vazifalarini amalga oshiradi;
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlmagan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish, qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi;
munitsipal mulkni belgilangan tartibda ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga beradi;
munitsipal mulkni davlat muassasalariga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirish toʻgʻrisida oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi;
munitsipal mulk hisobidan tashkil etilgan davlat ishtirokidagi korxonalarning boshqaruv organlari orqali ularning kuzatuv kengashlari aʼzolarini va ijroiya organlari rahbarlarini tayinlashni (tanlov oʻtkazishni, saylashni) belgilangan tartibda, korporativ boshqaruv prinsiplariga muvofiq tashkil etadi.
Munitsipal mulk boʻlgan davlat muassasalari va xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushlarini xususiylashtirish dasturlari Agentlik hamda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Munitsipal mulk boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish dasturlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
