28-modda. Muvofiqlik belgisi
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Muvofiqlik belgisi muvofiqlikni baholash obyektlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqlikni tasdiqlash tartib-taomilidan oʻtganligi toʻgʻrisida xaridorlarni xabardor qilish uchun xizmat qiladi.
Muvofiqlik belgisi muvofiqlikni tasdiqlash tartib-taomilidan oʻtgan mahsulotni tamgʻalashda qoʻllaniladi.
Muvofiqlik belgisining shakli, unga doir texnik talablar va tamgʻalash tartibi milliy standartlarda belgilanadi.
Muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi muvofiqlik belgisini milliy standartlarda belgilangan, oʻzi uchun qulay boʻlgan har qanday usullarda qoʻllashga haqli.
Muvofiqligi majburiy tasdiqlanishi lozim boʻlgan va texnik reglamentlarda belgilangan talablar boʻyicha muvofiqligi tasdiqlanishdan oʻtmagan mahsulotni muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mahsulot mahalliy ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan sertifikatlashtirilganda muvofiqlik sertifikatini bergan sertifikatlashtirish organi bilan tuzilgan kelishuv asosida ushbu ishlab chiqaruvchilarga va import qiluvchilarga muvofiqlik belgisini qoʻllash huquqi beriladi hamda muvofiqlik belgisidan foydalanganlik uchun toʻlov undiriladi.
