29-modda. Arizachining muvofiqlikni majburiy ravishda tasdiqlash chogʻidagi huquq va majburiyatlari
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Arizachi quyidagi huquqlarga ega:
mahsulotning muayyan turlari uchun tegishli texnik reglamentda nazarda tutilgan muvofiqlikni tasdiqlash shaklini va sxemasini tanlash;
akkreditatsiya qilish doirasi arizachi sertifikatlashtirishni moʻljallagan mahsulotga nisbatan tatbiq etiladigan har qanday muvofiqlikni baholash organiga majburiy sertifikatlashtirishni amalga oshirish uchun murojaat qilish;
mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash uchun texnik hujjatlardan foydalanish;
oʻziga muvofiqlik sertifikatini bergan muvofiqlikni baholash organidan sertifikatlashtirish natijalarini tasdiqlaydigan hamda taqdim etish shartlari, muddati sertifikatlashtirish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadigan hujjatlarni hamda materiallarni olish.
Arizachi:
mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini taʼminlashi;
muvofiqligi majburiy tasdiqlanishi lozim boʻlgan mahsulotni muvofiqlikni tasdiqlash ishlari amalga oshirilganidan keyin muomalaga chiqarishi;
mahsulotga ilova qilinadigan hujjatlarda muvofiqlik sertifikati yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatishi;
davlat nazorati organlariga, shuningdek manfaatdor shaxslarga mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanganligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi hujjatlarni (muvofiqlik sertifikatini, muvofiqlik haqidagi deklaratsiyani yoki ularning koʻchirma nusxalarini) yoxud muvofiqlik sertifikatining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning roʻyxatga olish raqami haqidagi axborotni taqdim etishi;
agar muvofiqlik sertifikatining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishi toʻxtatib turilgan yoxud tugatilgan boʻlsa, mahsulotning realizatsiya qilinishini toʻxtatib turishi yoki tugatishi;
sertifikatlashtirilgan mahsulotni ishlab chiqarishning texnik hujjatlariga yoki texnologik jarayonlariga kiritiladigan oʻzgartishlar toʻgʻrisida muvofiqlikni baholash organini xabardor qilishi;
muvofiqligi tasdiqlanishdan oʻtgan va texnik reglamentlar talablariga muvofiq boʻlmagan mahsulotni ishlab chiqarishni davlat nazorati organlarining qarorlari asosida oʻn ish kuniga toʻxtatib turishi;
muvofiqlik sertifikatining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilish muddati tugagan taqdirda, mahsulotning realizatsiya qilinishini toʻxtatib turishi yoki tugatishi shart, bundan mahsulotning qonunchilikka muvofiq belgilangan yaroqlilik muddati yoxud xizmat muddati davomida muvofiqlik sertifikatining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishi vaqtida chiqarilgan mahsulot mustasno.
