27-modda. Muvofiqlik sertifikati
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Muvofiqlik sertifikati muvofiqlikni baholash obyektlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Muvofiqlikni baholash organi sertifikatlashtirishni arizachi bilan tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiradi.
Sertifikatlashtirish muvofiqlikni baholash organi tomonidan muvofiqlikni baholash obyektlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash tartib-taomilidir.
Mahsulotning muayyan turlarini sertifikatlashtirish uchun qoʻllaniladigan sertifikatlashtirish sxemalari, arizachilarning doirasi tegishli texnik reglamentlarda belgilanadi.
Muvofiqlik sertifikati, basharti tanlangan muvofiqlikni tasdiqlash sxemasiga binoan barcha tartib-taomillarning bajarilishi ijobiy natijalar bergan boʻlsa, muvofiqlikni baholash organi tomonidan arizachiga beriladi.
Muvofiqlik sertifikatini olishda ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi arizachi boʻlishi mumkin.
Muvofiqlik sertifikatining shakllari va ularni rasmiylashtirish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Muvofiqlik sertifikati muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati texnik reglamentlarda yoki muvofiqlikni tasdiqlash sxemalaridan kelib chiqqan holda, muvofiqlikni baholash qoidalarida belgilanadi.
