15-modda. Texnik reglamentlarni ishlab chiqish va qabul qilish tartibi
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Texnik reglamentlar texnik reglamentlarni ishlab chiqishning tasdiqlangan dasturiga muvofiq ishlab chiqiladi.
Xalqaro (mintaqaviy) standartlardan texnik reglamentlar loyihalarini ishlab chiqishda toʻliq yoki qisman asos sifatida foydalanilishi kerak, bundan xalqaro (mintaqaviy) standartlar yoki ularning boʻlimlari texnik reglamentlarning ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan maqsadlariga erishish uchun samarasiz yoxud nomuvofiq boʻlgan hollar, shu jumladan iqlimga oid va geografik oʻziga xos xususiyatlar tufayli samarasiz yoki nomuvofiq boʻlgan hollar mustasno.
Xalqaro (mintaqaviy) standartlar bilan uygʻunlashtirilgan milliy standartlardan texnik reglamentlar loyihalarini ishlab chiqishda toʻliq yoki qisman foydalanilishi ham mumkin.
Texnik reglamentlar talablari ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan texnik reglament maqsadlariga nisbatan koʻproq texnik toʻsiqlarni yuzaga keltirmasligi kerak.
Texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar oʻz rasmiy veb-saytlarida texnik reglamentlar ishlab chiqilishi toʻgʻrisidagi xabarlarni ushbu reglamentlar ishlab chiqilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kechiktirmay eʼlon qiladi va manfaatdor taraflarni bu haqda xabardor qiladi.
Agar texnik reglamentlarni ishlab chiqish yoki texnik reglamentlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish mahsulotning importiga yoki eksportiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa hamda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan chet davlatlar bilan ikki tomonlama yoxud koʻp tomonlama shartnomalar tuzilgan boʻlsa, texnik reglamentlarni ishlab chiquvchi organ texnik reglamentlarni ishlab chiqish sabablarini ushbu davlatlarning soʻroviga koʻra tushuntirib berishi kerak.
Texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar texnik reglament loyihasi rasmiy veb-saytda joylashtirilgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida uning muhokama qilinishini taʼminlaydi.
Texnik reglamentni ishlab chiquvchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasining xulosasi olinganidan keyin texnik reglament loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
Texnik reglamentlar rasmiy eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran kamida olti oy oʻtgach amalga kiritiladi.
