14-modda. Texnik reglamentlarning mazmuni
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Texnik reglamentlarda mahsulotning zarar yetkazish xavfi va xatari darajasi hisobga olingan holda:
biologik xavfsizlikni;
mexanik xavfsizlikni;
kimyoviy xavfsizlikni;
yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni;
yongʻin xavfsizligini;
elektr xavfsizligini;
mashinalarni va asbob-uskunalarni ishlatish (ulardan foydalanish) hamda utilizatsiya qilish xavfsizligini;
elektromagnit mosligini;
ekologik xavfsizlikni;
sanoat va ishlab chiqarish xavfsizligini;
portlash xavfsizligini;
axborot xavfsizligini;
sinash va oʻlchash usullarining birligini taʼminlovchi talablar, shuningdek mahsulot xavfsizligini taʼminlashga doir boshqa talablar belgilanishi mumkin.
Texnik reglamentlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
qaysi mahsulotlarga nisbatan xavfsizlik talablari belgilanayotgan boʻlsa, oʻsha mahsulotlarning toʻliq roʻyxatini;
xavf darajasi hisobga olingan holda aniqlanadigan muvofiqlikni baholash qoidalari, shakllari va tartib-taomillarini.
Texnik reglamentlar muvofiqlikni tasdiqlash sxemalarini, berilgan muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish tartibini, atamalarga, oʻrovga, tamgʻalashga yoki yorliqlarga doir talablarni va ularni qoʻllash qoidalarini oʻz ichiga olishi mumkin.
Texnik reglamentlarda mahsulotning konstruksiyasiga va bajarilishiga doir talablar boʻlmasligi kerak, bundan mahsulotning konstruksiyasiga va bajarilishiga nisbatan insonning hayotiga va sogʻligʻiga zarar yetkazilishi xavfi darajasi hisobga olingan holdagi talablar mavjud emasligi sababli mahsulot xavfsizligi taʼminlanmaydigan hollar mustasno.
Texnik reglamentlarda xaridorlarni (isteʼmolchilarni) ehtimol tutilgan zarar toʻgʻrisida hamda insonning hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga, hayvonot va oʻsimlik dunyosiga zarar yetkazilishi xavfi qaysi omillarga bogʻliq boʻlsa, oʻsha omillar haqida xabardor qilishga taalluqli talablar mavjud boʻlishi mumkin.
Texnik reglamentlarda mahsulot xavfsizligiga doir quyidagi maxsus talablar boʻlishi mumkin:
qonunchilikda belgilangan ayrim toifadagi fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishga doir talablar;
tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda insonning hayoti va sogʻligʻini saqlashga, atrof-muhitga yetkaziladigan zararni hamda moddiy zararni kamaytirishga doir talablar, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga, davlat mulkiga tahdid soluvchi transchegaraviy xavfli ishlab chiqarish obyektlariga taalluqli talablar.
