16-modda. Texnik reglamentlarni qayta koʻrib chiqish yoki bekor qilish
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar bu reglamentlarning dolzarbligi va ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan maqsadlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan ularni qayta koʻrib chiqadi.
Agar texnik reglamentlarning qabul qilinishiga olib kelgan holatlar yoki sabablar boshqa mavjud boʻlmasa yoxud oʻzgargan holatlar yoki sabablar savdoga nisbatan kamroq cheklovchi taʼsir koʻrsatadigan usullardan foydalanishga imkon bersa, texnik reglamentlarga tegishli oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritiladi yoki texnik reglamentlar bekor qilinadi.
Texnik reglamentlar:
kuchga kirgan kundan eʼtiboran;
texnik reglamentlarni dastlabki tarzda qayta koʻrib chiqish natijalariga koʻra ularga kiritilgan oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kuchga kirgan kundan eʼtiboran;
tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan dastlabki tarzda qayta koʻrib chiqish natijalariga koʻra ular oʻzgarishsiz qoldirilganligi toʻgʻrisida axborot taqdim etilgan kundan eʼtiboran besh yilda kamida bir marta qayta koʻrib chiqiladi.
