58-modda. Koʻchmas mulkni birlashtirish va ushbu koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Koʻchmas mulkni birlashtirish koʻchmas mulk mulkdorining qaroriga, mulkdorlar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga, davlat ijrochisining yoki sudning qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Koʻchmas mulkni birlashtirish uchun asos boʻlgan hujjatlar birlashtirilayotgan koʻchmas mulkning mavjudligini tugatish va yangi koʻchmas mulkni tashkil etish uchun asos boʻladi.
Koʻchmas mulkni birlashtirish faqat bir turdagi hamda bir-biri bilan bevosita bogʻliq boʻlgan, shuningdek bir xil huquqqa ega koʻchmas mulkka nisbatan amalga oshirilishi mumkin. Agar binolar va inshootlardan qurilish ishlari natijasida bitta bino, inshoot qurilsa, ushbu binolar va inshootlar ham birlashtirilishi mumkin.
Koʻchmas mulkning ikki yoki undan ortiq obyektlarini birlashtirish koʻchmas mulkning bir turdagi bitta obyekti yuzaga kelishiga olib keladi.
Koʻchmas mulk birlashtirilgan taqdirda, birlashtirilayotgan koʻchmas mulklarning mavjudligi bekor qilinadi.
Koʻchmas mulkni birlashtirish chogʻida koʻchmas mulkning ushbu obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazishga doir ishlar yopiladi, yangidan tashkil etilgan koʻchmas mulkka esa yangi roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish ochiladi.
Koʻchmas mulkni birlashtirish chogʻida birlashtirilayotgan koʻchmas mulkka boʻlgan dolzarb huquqlar va ularga oid cheklovlar birlashtirilayotgan koʻchmas mulkka oʻtadi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan amaldagi huquqlarning va ularga oid cheklovlarning boshqa shaxsga oʻtishi ularning birlashtirilayotgan koʻchmas mulkka nisbatan bekor qilinishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda ularning yangidan tashkil etilgan koʻchmas mulkka nisbatan yuzaga kelganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Yuzaga kelgan birgalikdagi mulkka binolarni, inshootlarni, binolarning alohida joylarini, avtomobil joylarini qoʻshib yuborish barcha mulkdorlar oʻrtasidagi shartnoma boʻyicha amalga oshiriladi.
Koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar va qurilishi tugallanmagan obyektlar birlashtirilmaydi.
