57-modda. Koʻchmas mulkni boʻlish va boʻlinayotgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Koʻchmas mulkni boʻlish uning mulkdorining arizasiga yoki sudning qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Umumiy mulk boʻlgan koʻchmas mulk uning mulkdorlarining (ishtirokchilarining) oʻzaro kelishuviga koʻra boʻlinadi.
Boʻlish natijasida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqning yuzaga kelganligi yoki bekor qilinganligi shartnoma yoki sud qarori bilan tasdiqlanadi. Koʻchmas mulkni boʻlish uchun boʻlinayotgan koʻchmas mulkka koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi va kadastr pasporti shakllantiriladi.
Koʻchmas mulkni boʻlish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Koʻchmas mulkning muayyan turdagi obyektini boʻlish xuddi shu turdagi ikki yoki undan ortiq obyektning tashkil etilishiga olib keladi.
Koʻchmas mulk boʻlinganidan keyin mazkur koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish yopiladi, yangidan tashkil etilgan koʻchmas mulkka esa yangi roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish ochiladi.
Koʻchmas mulkni boʻlish chogʻida bu koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va ularga oid cheklov yangidan tashkil etilgan koʻchmas mulkka oʻtadi.
Koʻchmas mulkni boʻlish chogʻida huquqlarning va ularga oid cheklovlarning boshqa shaxsga oʻtishi boʻlinayotgan koʻchmas mulkka nisbatan ushbu huquqlar va cheklovlarning bekor boʻlishini hamda ularning yangidan vujudga kelgan koʻchmas mulkka nisbatan yuzaga kelishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Umumiy birgalikdagi mulkni boʻlish ushbu umumiy mulk ishtirokchilari oʻrtasidagi kelishuvga yoki sud qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar va qurilishi tugallanmagan obyektlar boʻlinmaydi.
