22-modda. Tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida ariza berish tartibi
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Tekshiruv vakolatli organ tomonidan, iqtisodiyotning tegishli tarmogʻi manfaatlarini ifoda etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslarning yozma arizasiga binoan oʻtkaziladi.
Tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi) umumiy ishlab chiqarishi Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilarining mazkur ariza yuzasidan oʻz fikrini yozma ravishda bildirgan qismi tomonidan ishlab chiqarilgan jami oʻxshash tovarning ellik foizidan ortiqrogʻini tashkil etadigan Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlansa, u berilgan deb hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilarining arizani qoʻllab-quvvatlovchilari ulushiga Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshash tovarlarni jami ishlab chiqarishning kamida yigirma besh foizi toʻgʻri kelishi kerak.
Arizada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
ariza beruvchining nomi, ariza beruvchi oldingi davrda oʻxshash tovarni ishlab chiqarganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirilayotgan, tekshiruv obyekti boʻlgan tovarning tavsifi, tovar kelib chiqqan mamlakat nomi, chet davlatning ariza beruvchiga maʼlum eksport qiluvchilari va ishlab chiqaruvchilari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshash tovar ishlab chiqaruvchilardan qaysilari unga maʼlum boʻlsa, shu ishlab chiqaruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
tovar narxlarining, tovar importi koʻpayganligi surʼatlari va hajmlarining mutlaq va nisbiy miqdorlari toʻgʻrisidagi, tovar importining ichki bozordagi oʻxshash tovarning narxlariga va iqtisodiyot tarmogʻiga taʼsiri haqidagi, tovarning Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozoridagi ulushi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
demping narxlaridagi tovar import qilinayotganligi va bunday tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining borligi dalillari, shunday tovarning normal qiymati va eksport narxiga oid maʼlumotlar (ushbu Qonunning III bobida nazarda tutilgan hollar uchun);
subsidiyaning mavjudligi dalillari, imkoni boʻlganda shunday subsidiyaning miqdorini va subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yoʻqligini koʻrsatgan holda (ushbu Qonunning IV bobida nazarda tutilgan hollar uchun).
