23-modda. Tekshiruvni boshlash uchun majburiy shartlar
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Ariza berilganidan keyin oʻttiz kun ichida vakolatli organ arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va yetarliligini koʻrib chiqishi hamda tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida yoki tekshiruv oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilib, bu haqda ariza beruvchiga yozma ravishda xabar qilishi kerak. Tekshiruv oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda rad etish sabablaridan ariza beruvchini vakolatli organ xabardor etadi.
Tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar vakolatli organ arizaning mazmunini, uning olinganligi va koʻrib chiqilganligi haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilish huquqiga ega emas.
Vakolatli organ, agar u maʼlumotlarni yetarli emas deb topsa, ariza olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda bu haqda ariza beruvchiga yozma ravishda xabar qiladi va unga oʻz arizasiga oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar kiritish imkoniyatini beradi.
Agar ariza beruvchi oʻz arizasiga oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar kiritsa, arizani koʻrib chiqish muddati ana shu oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar olingan kundan eʼtiboran boshlanadi.
Agar ariza beruvchi vakolatli organ soʻrayotgan qoʻshimcha maʼlumotlarni xabar olingan sanadan eʼtiboran oʻn besh kun ichida taqdim etmasa va bunday maʼlumotlarni taqdim etishni kechiktirish toʻgʻrisida iltimos qilmagan boʻlsa, vakolatli organ arizani koʻrib chiqishni rad etishga haqli boʻlib, bu haqda ariza beruvchiga yozma ravishda xabar qiladi.
Vakolatli organ tekshiruvni boshlash uchun ariza beruvchining ariza berilishiga sabab boʻlgan tovarni umumiy ishlab chiqarishdagi ulushini aniqlash orqali arizani koʻrib chiqishda xolislikka rioya etilishini va ariza yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiyot tegishli tarmogʻi ishlab chiqaruvchilarining fikrlari mumkin qadar koʻproq inobatga olinishini taʼminlaydi. Buning uchun vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasining oʻxshash tovar boshqa ishlab chiqaruvchilari va isteʼmolchilarining ushbu ariza yuzasidan fikrlarini soʻrab olishga haqli.
