21-modda. Subsidiya bilan taʼminlangan tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlar
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Tekshiruv quyidagi hollarda kompensatsiya bojlari yoki muvaqqat kompensatsiya bojlari qoʻllanilmasdan toʻxtatib turilishi yoxud tugatilishi mumkin:
agar narxlar boʻyicha ixtiyoriy majburiyatlar subsidiyani bekor qilish yoki qisqartirish yoxud subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi oqibatlarini bartaraf etish maqsadida aynan oʻxshash boshqa choralarni koʻrish yuzasidan tekshiruv obyekti boʻlgan tovar eksport qilinayotgan chet davlatdan olingan boʻlsa;
agar narxlar boʻyicha ixtiyoriy majburiyatlar bunday majburiyatlarning qabul qilinishini vakolatli organ iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etadi deb belgilaydigan tarzda tovar narxlarini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida tekshiruv obyekti boʻlgan tovarni eksport qiluvchidan olingan boʻlsa. Narxlar boʻyicha shunday majburiyatlarga muvofiq tovar narxlari darajasi subsidiyaning iqtisodiyot tarmogʻiga taʼsirini kompensatsiya qilish uchun zarur boʻlganidan ortiq boʻlishi mumkin emas. Tovar narxlarining oshirilishi, agar bunday oshirish iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun kifoya qilsa, subsidiya miqdoridan kam boʻlishi mumkin.
Subsidiya bilan taʼminlangan tovar import qilinayotganligi va bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yoʻqligi toʻgʻrisida vakolatli organ tomonidan dastlabki xulosa chiqarilgunga qadar subsidiya bilan taʼminlangan tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlar chet davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan qabul qilinmaydi.
Subsidiya bilan taʼminlangan tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlar chet davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan qabul qilingan taqdirda, tekshiruv tovar eksport qilinayotgan chet davlatning iltimosnomasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan davom ettirilishi mumkin. Agar tekshiruv natijalariga koʻra subsidiya bilan taʼminlangan tovar import qilinmayotganligi yoki bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetmayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yoʻqligi toʻgʻrisida xulosa chiqarilgan boʻlsa, subsidiya bilan taʼminlangan tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlar oʻz kuchini yoʻqotadi, chiqarilgan xulosa koʻp jihatdan narxlar boʻyicha majburiyatlar mavjudligining natijasi boʻlgan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda mazkur majburiyatlar iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan muddat mobaynida oʻz kuchini saqlab turadi.
