20-modda. Kompensatsiya bojining amal qilish muddati
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Kompensatsiya bojining amal qilish muddati uni qoʻllanish boshlangan yoki subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi nuqtai nazaridan ham, iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yoʻqligi nuqtai nazaridan ham oxirgi marta qayta koʻrib chiqish boshlangan paytdan eʼtiboran besh yildan oshmasligi lozim, kompensatsiya bojining amal qilish muddati tugagunga qadar boshlangan qayta koʻrib chiqish jarayonida kompensatsiya bojining amal qilishini tugatish subsidiya bilan taʼminlangan tovar importining hamda iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining davom etishiga yoki tiklanishiga olib kelishi vakolatli organ tomonidan aniqlangan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda kompensatsiya boji qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻlgan takroriy tekshiruv natijalari olingunga qadar qoʻllanilaveradi.
Kompensatsiya bojini qayta koʻrib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv vakolatli organning tashabbusiga yoki manfaatdor shaxslarning soʻroviga koʻra ular kompensatsiya bojini qayta koʻrib chiqish zarurligini tasdiqlovchi axborotni taqdim etganlaridan keyin amalga oshiriladi. Kompensatsiya bojini qayta koʻrib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv shu tekshiruvni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy ichida tugallanishi kerak.
Kompensatsiya bojini qoʻllanishni davom ettirish yoki bunday bojning stavkasini qayta koʻrib chiqish zarurligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan takroriy tekshiruv natijalariga binoan vakolatli organning xulosasi asosida belgilanadi.
Muvaqqat kompensatsiya boji toʻrt oygacha boʻlgan muddatga belgilanadi.
