16-modda. Kompensatsiya bojlarining qoʻllanilishi
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi uchun import bojidan tashqari undiriladigan boj kompensatsiya bojidir.
Agar subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini tugʻdirayotganligi vakolatli organning tekshiruvi natijalari asosida aniqlangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan kompensatsiya boji qoʻllaniladi.
Ishlab chiqarish, eksport qilish yoki tashish paytida chet davlatning subsidiyasidan foydalanilgan tovarning Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga importi subsidiya bilan taʼminlangan tovar importidir.
Kompensatsiya boji subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur miqdorda va muddatda qoʻllaniladi.
Kompensatsiya bojining stavkasi subsidiya bilan taʼminlangan tovarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilishda shu tovarning birligi hisobiga chet davlat subsidiyasining tekshiruvda aniqlangan miqdoridan oshmasligi lozim.
Bitta tovarga nisbatan bir vaqtning oʻzida kompensatsiya va antidemping boji qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
