15-modda. Demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlar
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Tekshiruv obyekti boʻlgan tovarni eksport qiluvchining narxni qayta koʻrib chiqish yoki tovarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga uning normal qiymatidan past narxda eksport qilishni tugatish toʻgʻrisidagi ixtiyoriy majburiyatlari demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlardir.
Demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlar eksport qiluvchidan olingan taqdirda, agar vakolatli organ bunday majburiyatlarning qabul qilinishi iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etishini aniqlagan boʻlsa, tekshiruv antidemping bojlari yoki muvaqqat antidemping bojlari qoʻllanilmasdan toʻxtatib turilishi yoki tugatilishi mumkin.
Demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlarga muvofiq tovar narxlari darajasi demping marjasini bartaraf etish uchun zarur boʻlganidan ortiq boʻlishi mumkin emas. Tovar narxlarining oshirilishi, agar bunday oshirish iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun kifoya qilsa, demping marjasidan kam boʻlishi mumkin.
Tovar demping narxlarida import qilinayotganligi va bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yoʻqligi toʻgʻrisida vakolatli organ tomonidan dastlabki xulosa chiqarilgunga qadar demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlar eksport qiluvchi tomonidan qabul qilinmaydi.
Demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlar eksport qiluvchi tomonidan qabul qilingan taqdirda, tekshiruv uning iltimosnomasiga yoki vakolatli organning qaroriga binoan davom ettirilishi mumkin. Agar tekshiruv natijalariga koʻra tovar demping narxlarida import qilinmayotganligi yoki bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetmayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yoʻqligi toʻgʻrisida xulosa chiqarilgan boʻlsa, demping narxlaridagi tovarni import qilishda narxlar boʻyicha majburiyatlar oʻz kuchini yoʻqotadi, chiqarilgan xulosa koʻp jihatdan narxlar boʻyicha majburiyatlar mavjudligining natijasi boʻlgan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda mazkur majburiyatlar iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan muddat mobaynida oʻz kuchini saqlab turadi.
