14-modda. Antidemping bojining amal qilish muddati
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Antidemping bojining amal qilish muddati uni qoʻllanish boshlangan yoki demping narxlaridagi tovar importi nuqtai nazaridan ham, iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yoʻqligi nuqtai nazaridan ham oxirgi marta qayta koʻrib chiqilgan paytdan eʼtiboran besh yildan oshmasligi lozim, antidemping bojining amal qilish muddati tugagunga qadar boshlangan qayta koʻrib chiqish jarayonida antidemping bojining amal qilishini tugatish demping narxlaridagi tovar importining va iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining davom etishiga yoki tiklanishiga olib kelishi vakolatli organ tomonidan aniqlangan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda antidemping boji qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻlgan takroriy tekshiruv natijalari olingunga qadar qoʻllanilaveradi.
Antidemping bojini qayta koʻrib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv vakolatli organning tashabbusiga yoki manfaatdor shaxslarning soʻroviga koʻra ular antidemping bojini qayta koʻrib chiqish zarurligini tasdiqlovchi axborotni taqdim etganlaridan keyin amalga oshiriladi. Antidemping bojini qayta koʻrib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv shu tekshiruvni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy ichida tugallanishi kerak.
Antidemping bojini qoʻllanishni davom ettirish yoki bunday bojning stavkasini qayta koʻrib chiqish zarurligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan takroriy tekshiruv natijalariga binoan vakolatli organning xulosasi asosida aniqlanadi.
Muvaqqat antidemping boji olti oygacha boʻlgan muddatga belgilanadi. Mazkur muhlat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan toʻqqiz oygacha boʻlgan muddatga uzaytirilishi mumkin.
