17-modda. Chet davlat subsidiyasi
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Chet davlat hukumatining yoki boshqa organining yoxud chet davlatlar ittifoqining (bundan buyon matnda chet davlat deb yuritiladi) subsidiya oluvchiga qoʻshimcha afzalliklar beradigan va bevosita chet davlat tomonidan yoxud uning topshirigʻiga binoan amalga oshiriladigan moliyaviy koʻmagi chet davlat subsidiyasi (bundan buyon matnda subsidiya deb yuritiladi) hisoblanadi.
Subsidiya oluvchiga qoʻshimcha afzalliklar beradigan moliyaviy koʻmakning quyidagi turlari subsidiyalar deb tan olinadi:
chet davlat tomonidan moliyaviy mablagʻlarni (shu jumladan grantlar, zayomlar, aksiyalarni sotib olish tariqasidagi moliyaviy mablagʻlarni) toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish yoki shunday mablagʻlarni (shu jumladan zayomlar boʻyicha kafolatlar tariqasidagi mablagʻlarni) oʻtkazish boʻyicha majburiyatlar;
chet davlatning davlat daromadiga tushishi lozim boʻlgan toʻlovlarni undirishdan voz kechishi yoki undirmasligi (shu jumladan soliq kreditlari berish yoʻli bilan), eksport qilinayotgan tovarni ichki isteʼmol uchun moʻljallangan oʻxshash tovardan undiriladigan soliqlar va bojlardan ozod qilish yoki bunday soliqlar va bojlarni haqiqatda hisoblab chiqarilgan summalardan oshmaydigan miqdorda kamaytirish hollari bundan mustasno;
chet davlat tomonidan tovarlarni taqdim etish va xizmatlar koʻrsatish (umumiy infratuzilmani saqlab turish va rivojlantirish uchun moʻljallangan tovarlar va xizmatlar bundan mustasno) yoki tovarlarni xarid qilib olish;
chet davlat tomonidan moliyalashtirish fondlariga toʻlovlar toʻlash yoki oʻz vakolatlarini ushbu qismning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan, odatda chet davlat tomonidan chet davlatning odatdagi amaliyotidan haqiqatda farq qilmaydigan shartlarda amalga oshiriladigan moliyaviy yordam turlarini amalga oshirish uchun xususiy tashkilotga berish.
Moliyaviy koʻmakning subsidiya oluvchiga qoʻshimcha afzalliklar beradigan boshqa turlari ham subsidiyalar deb tan olinishi mumkin.
Subsidiyalarning vakolatli organ tomonidan tekshiruv jarayonida aniqlangan summasi, agar u subsidiya bilan taʼminlangan tovar qiymatining bir foizdan ortiqrogʻini tashkil etsa, kompensatsiya bojlarini qoʻllanish yoʻli bilan qoplanishi kerak.
Subsidiyalar, agar ular oʻziga xos boʻlsa, kompensatsiya bojining predmetidir. Foydalanilishi cheklangan va muayyan korxonaga yoki iqtisodiyot tarmogʻiga, korxonalar yoxud iqtisodiyot tarmogʻlari guruhiga, shuningdek belgilangan jugʻrofiy mintaqada joylashgan muayyan korxonalarga beriladigan yoxud tovar eksportini ragʻbatlantirishga yoki tovar importining oʻrnini bosishga qaratilgan subsidiya oʻziga xos subsidiya hisoblanadi.
