10-modda. Antidemping bojining qoʻllanilishi
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Demping narxlaridagi tovar importi uchun import bojidan tashqari undiriladigan boj antidemping bojidir.
Agar demping narxlaridagi tovar importi iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini tugʻdirayotganligi vakolatli organning tekshiruvi natijalari asosida aniqlangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan antidemping boji qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga eksport narxi oʻzining normal qiymatidan past boʻlgan tovar importi demping narxlaridagi tovar importidir.
Oʻzbekiston Respublikasiga eksport qilish uchun sotilgan tovarga amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan narx tovarning eksport narxidir.
Eksport qiluvchi mamlakatning ichki bozorida isteʼmol qilish uchun moʻljallangan oʻxshash tovarning odatdagi savdo jarayonidagi narxi yohud oʻxshash tovar eksport qiluvchi mamlakat bozorida sotilmayotgan boʻlsa yoki boshqa sabablarga koʻra lozim darajada taqqoslashni oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa, tovar kelib chiqqan mamlakatdagi ishlab chiqarish xarajatlari asosida oqilona chiqimlarni va foydani qoʻshgan holda yoxud Oʻzbekiston Respublikasi bilan bir xil sharoitdagi uchinchi mamlakatga eksport qilinadigan oʻxshash tovarlarning narxlari asosida odatdagi savdo jarayonida aniqlanadigan narxi tovarning normal qiymatidir.
Antidemping boji demping narxlaridagi tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan miqdorda va muddatda qoʻllaniladi.
Antidemping boji va muvaqqat antidemping bojining stavkalari demping marjasi miqdoridan oshmasligi lozim.
Antidemping boji tovar yetkazib beruvchilarning biriga yoki bir nechtasiga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
