11-modda. Demping marjasi
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Eksport narxi chegirib tashlangan tovar normal qiymatining tovarning eksport narxiga foizlarda ifodalangan nisbati demping marjasidir. Demping marjasi tovarning oʻrtacha olingan normal qiymatini barcha taqqoslanadigan eksport bitimlari bilan solishtirish asosida yoki tovarning normal qiymatini muayyan bitimlar boʻyicha eksport narxlari bilan solishtirish orqali aniqlanadi.
Agar tovarlar Oʻzbekiston Respublikasiga tovar kelib chiqqan mamlakatdan bevosita import qilinmay, balki uchinchi mamlakatdan eksport qilinayotgan boʻlsa, tovar eksport qilinayotgan mamlakatdan Oʻzbekiston Respublikasiga sotilayotgan tovarlar narxi tovar eksporti mamlakatidagi solishtirma narx bilan taqqoslanadi. Agar tovarlar tovar eksport qilinayotgan mamlakat orqali faqat olib oʻtilayotgan boʻlsa yoki bunday tovarlar tovar eksport qilinayotgan mamlakatda ishlab chiqarilmasa yoxud tovar eksport qilinayotgan mamlakatda ularga solishtirma narx boʻlmasa, taqqoslash tovar kelib chiqqan mamlakatdagi narxga qiyosan oʻtkazilishi mumkin.
Tovarning eksport narxi boʻlmagan yoki bunday narx tekshiruv oʻtkazayotgan vakolatli organda shubha uygʻotgan hollarda, yetkazib berilayotgan tovarlarning eksport narxi yetkazib beruvchidan yoki sotuvchidan mustaqil xaridorga birinchi marta qayta sotilayotgan narx asosida yoki vakolatli organ belgilaydigan boshqa asosda hisoblab chiqilishi mumkin.
Agar vakolatli organ tomonidan tekshiruv natijasida demping marjasi eksport narxining ikki foizidan ortiqrogʻini tashkil etishi yoki demping narxlaridagi tovar importida uni yetkazib berish hajmi ancha miqdorda ekanligi aniqlangan boʻlsa, demping narxlaridagi tovar importiga nisbatan antidemping boji qoʻllaniladi.
Agar demping narxlaridagi tovar importida yetkazib berish hajmi barcha oʻxshash tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berish umumiy hajmining uch foizidan ortiqrogʻini tashkil etsa yoki demping narxlaridagi tovar importida shunday tovarni Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berishda har birining ulushi yetkazib berish umumiy hajmining kamida uch foizini tashkil etadigan mamlakatlardan demping narxlarida import qilishda yetkazib berish hajmi oʻxshash tovarni Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berishning umumiy hajmida jami yetti foizdan ortiqroqni tashkil etsa, yetkazib berish hajmi, tovarni yetkazib beruvchi qaysi mamlakat xususida tekshirish oʻtkazilayotgan boʻlsa, shu mamlakatga nisbatan olganda ancha miqdorda deb topiladi.
