13-modda. Standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmita
Standartlashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-800-son) · Sana: 03.11.2022 · Amalda
Standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmita standartlarning qabul qilinishidan hamda qoʻllanilishidan manfaatdor boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hamda boshqa tashkilotlarning ixtiyoriy ishtiroki asosida, Standartlashtirish boʻyicha milliy organning qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
Standartlashtirish sohasidagi tegishli tarmoqning manfaatdor subyektlari standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitani tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbus bilan chiqishi mumkin.
Standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmita tarkibiga manfaatdor taraflarning vakillari kiritiladi.
Standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmita huzurida uning faoliyatini taʼminlash uchun kotibiyat tashkil etiladi.
Tashkil etilayotgan standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmita toʻgʻrisidagi axborot barcha manfaatdor taraflar uchun ochiqdir.
Standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmita:
milliy standartlar loyihalarini ishlab chiqadi;
faoliyat sohasiga muvofiq milliy standartlar loyihalarining muhokamasini tashkil etadi;
yangi milliy standartlarni ishlab chiqishga, amaldagi milliy standartlarni qayta koʻrib chiqishga doir standartlashtirish rejasiga kiritish uchun takliflar tayyorlaydi;
standartlashtirish rejasiga kiritilgan standartlarni ishlab chiqishni amalga oshiradi;
oʻz vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga murojaatlar yuboradi;
faoliyat sohasiga muvofiq standartlarning axborot bazasini shakllantiradi va yuritadi;
standartlashtirish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etadi;
standartlashtirish boʻyicha xalqaro, mintaqaviy tashkilotlarning standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitalari ishida Standartlashtirish boʻyicha milliy organ bilan birgalikda ishtirok etadi hamda mazkur qoʻmitalarning majlislarida Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini himoya qiladi.
Standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitaning faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar uni tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbus bilan chiqqan subyektlarning, shuningdek standartlarning qabul qilinishidan va qoʻllanilishidan manfaatdor boʻlgan boshqa tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitaning faoliyati uning majlisi bayonnomasi asosida Standartlashtirish boʻyicha milliy organning qarori bilan toʻxtatib turiladi.
