14-modda. Davlat inspektorlari, ularning huquqlari va majburiyatlari
Standartlashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-800-son) · Sana: 03.11.2022 · Amalda
Standartlar talablariga, shuningdek standartlashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati davlat boshqaruvi organlarining vakillari boʻlgan davlat inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat inspektori quyidagi huquqlarga ega:
xoʻjalik faoliyati subyektining xizmat va ishlab chiqarish binolariga belgilangan tartibda kirish;
davlat nazoratini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va maʼlumotlarni xoʻjalik faoliyati subyektidan olish;
davlat nazoratini oʻtkazishda xoʻjalik faoliyati subyektining texnika vositalaridan foydalanish va mutaxassislarini jalb etish;
mahsulot namunalarini va nusxalarini ularning standartlarning majburiy talablariga muvofiqligini nazorat qilish uchun olishni standartlashtirishga doir normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshirish, bunda sarflangan namunalarning qiymati hamda sinashni (tahlillarni, oʻlchashni) oʻtkazish xarajatlari tekshirilayotgan xoʻjalik faoliyati subyektlarining ishlab chiqarish chiqimlari jumlasiga kiritiladi;
mahsulotni ishlab chiqarish, ishlab chiqarishga tayyorlash, realizatsiya qilish (yetkazib berish, sotish), undan foydalanish (uni ishlatish), uni saqlash, transportda tashish va utilizatsiya qilish bosqichlarida standartlar majburiy talablarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish;
xoʻjalik faoliyati subyekti tekshirishdan boʻyin tovlagan taqdirda, mahsulotni realizatsiya qilishni taqiqlash.
Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash hamda metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat inspektori va uning oʻrinbosarlari ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan huquqlardan tashqari quyidagi mutlaq huquqlarga ega:
standartlarning majburiy talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan xoʻjalik faoliyati subyektlarining mansabdor shaxslariga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash;
standartlarning majburiy talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan yuridik shaxslarga jarima solish toʻgʻrisida qaror qabul qilish va mazkur yuridik shaxslar tomonidan jarima bir oy muddatda ixtiyoriy ravishda toʻlanmagan taqdirda, jarimani undirish haqida sudga murojaat qilish;
tekshirilgan mahsulot standartlarning majburiy talablariga muvofiq boʻlmagan hollarda, uni ishlab chiqarishni taqiqlash yoki uni realizatsiya qilishni (yetkazib berishni, sotishni), undan foydalanishni (uni ishlatishni) toʻxtatib turish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish;
