9-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilishga doir huquqlari
Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida (262-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi quyidagi huquqlarga ega:
investorlarning, shuningdek davlatning manfaatlarini himoya qilib daʼvo arizalari bilan sudga murojaat etish;
investorlarning huquqlarini buzgan yoki oʻz harakatlari bilan investorlarning huquqlari buzilishiga tahdid soluvchi investitsiya institutiga qimmatli qogʻozlar bozorida ayrim operatsiyalar oʻtkazishni favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda oʻz vakolatlari doirasida oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklab qoʻyish. Qimmatli qogʻozlar bozorida ayrim operatsiyalar oʻtkazilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga cheklash yoki taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi;
boshqa davlat organlaridan qimmatli qogʻozlar bozorida investorlar huquqlarining buzilganligi faktlarini oʻrganish uchun zarur boʻlgan, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilariga taalluqli maʼlumotlar va materiallarni soʻrovlar asosida olish, shuningdek mazkur faktlarni birgalikda oʻrganib chiqish.
Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha sudga daʼvo bilan murojaat qilganda davlat boji toʻlashdan ozod etiladi.
Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining oʻz vakolatlari doirasidagi koʻrsatmalari emitentlar, investitsiya institutlari va ularning mansabdor shaxslari ijro etishlari uchun majburiydir.
