8-modda. Emitentlar va investitsiya institutlarining javobgarligi
Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida (262-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Emitentlar va investitsiya institutlari investor oldida yetkazilgan zarar doirasida qonun hujjatlariga muvofiq quyidagilar uchun mulkiy javobgar boʻladilar:
investorning talabiga binoan qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan axborotni taqdim etmaganlik yoxud haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan axborotni taqdim etganlik uchun;
qimmatli qogʻozlar emissiyasining belgilangan tartibini buzganlik uchun;
qimmatli qogʻozlarning insofsiz reklamasini amalga oshirganlik, qimmatli qogʻozlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan chiqarilishining reklamasi, shuningdek muomalada boʻlishi qonun bilan taqiqlangan qimmatli qogʻozlarning reklamasi uchun;
ular investorlar bilan qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan huquqlarini hamda emitentlar va qimmatli qogʻozlar bozori professional qatnashchilarining javobgarligini cheklaydigan shartnomalarni tuzganlik uchun;
aniqlangan hiyla-nayrang ishlatish faktlari va qimmatli qogʻozlar bozoridagi boshqa qoidabuzarliklar, shuningdek qimmatli qogʻozlar, qimmatli qogʻozlarning emitentlari, qimmatli qogʻozlarga doir narxlar toʻgʻrisida, shu jumladan reklamada qasddan buzib koʻrsatilgan axborotni taqdim etish yoʻli bilan investorlarni qimmatli qogʻozlarni sotib olish va sotishga daʼvat qilganlik uchun;
investorlar bilan tuzilgan shartnomalar shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek investor bilan tuzilgan shartnomada qayd etilganidan farq qiladigan shartlarda bitim tuzganlik uchun.
