10-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilishga doir majburiyatlari
Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida (262-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi:
1) investorlarni ommaviy axborot vositalari va (yoki) oʻzi yaratgan elektron axborot-maʼlumot tizimlari orqali:
qimmatli qogʻozlarning roʻyxatga olingan chiqarilishi toʻgʻrisida hamda emissiyasi va muomalada boʻlishi toʻxtatib qoʻyilgan (qayta tiklangan) qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi toʻgʻrisida;
fond birjasiga birja faoliyatini amalga oshirish uchun, investitsiya institutlariga qimmatli qogʻozlar bozorida kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalar berilganligi toʻgʻrisida, amal qilishi toʻxtatib qoʻyilgan yoki tugatilgan litsenziyalar toʻgʻrisida, shuningdek toʻxtatib qoʻyilishi, tugatilishi yoki bekor qilinishining sabablari koʻrsatilib, bekor qilingan litsenziyalar toʻgʻrisida;
qimmatli qogʻozlar bozorida huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun javobgarlik choralari qoʻllanilgan emitentlar, investitsiya institutlari, mansabdor shaxslar hamda ularga nisbatan qoʻllanilgan javobgarlik chora turlari toʻgʻrisida;
uning daʼvo arizalari boʻyicha chiqarilgan sud qarorlaridan xabardor qilishga;
2) qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarining murojaatlarini koʻrib chiqish hamda investorlarning huquqlari buzilganligi faktlari aniqlanganda tekshiruvlar oʻtkazish va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni koʻrishga;
3) davlat organlaridan va qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilaridan investorlarning huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishga majburdir, axborotni uchinchi shaxslarga oshkor etilishi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi ushbu moddada nazarda tutilgan axborotni yozma shaklda investorga taqdim etganlik uchun undan nusxa koʻchirishga sarflanadigan xarajatlardan oshmaydigan miqdorda haq olishi mumkin.
