19-modda. Roʻyxatga olish markazlarining elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining yagona davlat reyestri
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (O‘RQ-793-son) · Sana: 12.10.2022 · Amalda
Vakolatli davlat organi Roʻyxatga olish markazlarining elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining yagona davlat reyestrini (bundan buyon matnda Yagona davlat reyestri deb yuritiladi) yuritadi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning undan erkin foydalanishini taʼminlaydi.
Yagona davlat reyestrida quyidagilar koʻrsatiladi:
roʻyxatga olish markazi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (roʻyxatga olish markazining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), telefon (faks) raqami, elektron pochta manzili, roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning berilgan sanasi, seriya raqami va amal qilish muddati, uning amal qilishini toʻxtatib turish hamda qayta tiklash asoslari va sanalari);
roʻyxatga olish markazining rahbari haqidagi maʼlumotlar;
roʻyxatga olish markazining elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini uzaytirish, toʻxtatib turish, qayta tiklash hamda tugatish asoslari va sanalari.
Roʻyxatga olish markazlarining elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarining amal qilishi tugatilgan taqdirda, ular Yagona davlat reyestridan chiqariladi.
Roʻyxatga olish markazining elektron raqamli imzo kaliti sertifikati Yagona davlat reyestridan chiqarilgan paytdan eʼtiboran haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Foydalanilayotgan elektron raqamli imzoning yopiq kalitiga ishonch yoʻqolgan taqdirda, roʻyxatga olish markazi vakolatli davlat organini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi. Vakolatli davlat organi yozma yoki elektron xabarnoma olinganidan keyin sertifikatning amal qilishini darhol toʻxtatib turadi va mazkur roʻyxatga olish markazining sertifikatini amal qilishi tugatilgan sertifikatlar roʻyxatiga joylashtiradi.
