18-modda. Roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (O‘RQ-793-son) · Sana: 12.10.2022 · Amalda
Roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda vakolatli davlat organining qaroriga koʻra tugatilishi mumkin:
roʻyxatga olish markazi roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi ariza bilan murojaat etganda;
roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugaganda.
Roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda sud tomonidan tugatiladi:
roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilishiga olib kelgan holatlar roʻyxatga olish markazi tomonidan vakolatli davlat organi yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etilmaganda;
vakolatli davlat organining roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani berish haqidagi qarori qonunga xilof ekanligi aniqlanganda;
roʻyxatga olish markazi tomonidan qonunchilik, shuningdek axborot xavfsizligi standartlari, normalari hamda qoidalarining talablari muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarliklar fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazilishiga olib kelgan boʻlsa;
roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma qalbaki hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay vakolatli davlat organi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilish asoslarini roʻyxatga olish markaziga qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda yetkazadi.
Roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilgan taqdirda, roʻyxatga olish markazining elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining ham amal qilishi tugatiladi.
